W.I.N.G.S. dasturi doirasida mahalla xodimlari ishtirokida fokus-guruh muhokamasi o‘tkazildi

135

Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi tomonidan W.I.N.G.S. (Women Initiating New Goals for Safety) dasturini mahallalar darajasida samarali joriy etish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash hamda dasturni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida fokus-guruh muhokamasi tashkil etildi.

Muhokamadan asosiy maqsad - ayollar uchun xavfsiz va qulay yordam olish tizimini takomillashtirish, mahalla va tegishli xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan samarali yondashuvlarni rivojlantirishdan iborat. Muhokamada Navoiy shahrining 3 ta mahallasi ijtimoiy xodimlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari hamda xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.

Fokus-guruh davomida zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarni aniqlash, ularni tegishli xizmatlarga yo‘naltirish, yordam ko‘rsatish jarayonidagi mavjud to‘siqlar hamda mahalla darajasida idoralararo hamkorlikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, muhokama davomida W.I.N.G.S. dasturini mahallalarda keng joriy etish imkoniyatlari, mavjud resurslar va ehtimoliy to‘siqlar o‘rganilib, ayollarni qo‘llab-quvvatlashda mahalla xodimlari hamda tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.