Volontyorlik dasturining navbatdagi bosqichi yakunlandi

Volontyorlik dasturining navbatdagi bosqichi yakunlandi
129

Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi qoshida faoliyat yurituvchi “Kambag‘allik siklini to‘xtatamiz” qo‘llab-quvvatlash guruhi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda poytaxtning 9 ta tumanida “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun tashkil etilgan bepul o‘quv mashg‘ulotlarini yakunladi.

Joriy yilning 23-iyunidan 13-avgustiga qadar qariyb 50 nafar volontyor har hafta seshanba va payshanba kunlari 110 nafarga yaqin bolaga moliyaviy savodxonlik, matematika va ingliz tili fanlaridan bepul mashg‘ulotlar o‘tdi.

Bugun mazkur o‘quv dasturining yakuniy tadbiri tashkil etilib, mashg‘ulotlarda faol ishtirok etgan o‘quvchilar hamda ularga bilim va ko‘nikmalarini ulashgan volontyorlar sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Tadbir yakunida bolalar uchun ko‘ngilochar dastur tashkil etilib, ular quvonchli va unutilmas taassurotlarga boy vaqt o‘tkazdilar.

Ushbu volontyorlik guruhi tashabbusi - yoshlarning bilim va imkoniyatlarini kengaytirish, volontyorlik madaniyatini rivojlantirish hamda jamiyatda o‘zaro ko‘mak va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.