“Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi Qonun - ijtimoiy himoya tizimida yangi bosqich

“Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi Qonun - ijtimoiy himoya tizimida yangi bosqich
81

“Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish yo‘lidagi muhim tarixiy qadamdir. Mazkur hujjat ijtimoiy ishni mustaqil kasb sifatida e'tirof etib, sohani xalqaro tajriba va zamonaviy kasbiy standartlar asosida huquqiy jihatdan tartibga soladi.

Qonun bilan:
Ijtimoiy ishning zamonaviy ta'rifi ilk bor qonunchilikda mustahkamlandi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy ish – ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar (oilalar)ning imkoniyatlari va salohiyatini oshirishga ko‘maklashadigan, ijtimoiy xizmatlar hamda ijtimoiy yordamni rivojlantirish orqali jamiyatda ijtimoiy o‘zgarishlarni ta'minlashga qaratilgan kasbiy faoliyat sohasi sifatida e'tirof etildi.

Ijtimoiy ishning professionallik va tizimlilik xalqaro prinsiplariga binoan uch darajasi joriy etilishi belgilandi:
Mikro – shaxs va oilaga individual yordam ko‘rsatish;
Mezo – idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda hamjamiyat resurslarini safarbar etish;
Makro – ijtimoiy siyosatni shakllantirish va ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish.

Ijtimoiy xodimning kasbiy maqomi ilk bor kompleks tarzda huquqiy jihatdan mustahkamlandi.
Qonunda ijtimoiy xodimning huquq va majburiyatlari, kasbiy vakolatlari, malaka talablari hamda davlat tomonidan kafolatlanadigan kasbiy himoya choralari yagona tizim asosida belgilab qo‘yildi.

Kasbiy qo‘llab-quvvatlashning muhim mexanizmi – superviziya ham ilk bor qonunchilik darajasida mustahkamlandi.
Xalqaro amaliyotda superviziya ijtimoiy xodimlarning kasbiy rivojlanishi, faoliyat sifatini oshirish hamda murakkab holatlarda samarali qaror qabul qilishini ta’minlovchi muhim mexanizm sifatida e’tirof etiladi va sifatli ijtimoiy ishning ajralmas qismi hisoblanadi.

Mazkur Qonun ijtimoiy ishni faqat alohida shaxsga yordam ko‘rsatishga qaratilgan faoliyat sifatida emas, balki jamiyat farovonligini ta'minlash, ijtimoiy adolatni mustahkamlash va ijtimoiy himoya tizimini kompleks rivojlantirishga xizmat qiluvchi professional faoliyat sifatida yangi bosqichga olib chiqadi.