Mutaxassislarni qayta tayyorlash va salohiyatini oshirish faoliyati
24

12-yanvardan buyon davom etayotgan “Ijtimoiy ish bo‘yicha qayta tayyorlov kursi” bolalarni ijtimoiy himoya qilish sektori mutaxassislari hamda ijtimoiy ish yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar uchun “Ijtimoiy ish” mutaxassisligini rasmiy va akademik asosda egallash imkoniyatini yaratmoqda. Mazkur kurs ishtirokchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, W.I.N.G.S — “Himoyaga yetaklovchi yangi maqsadlarni belgilayotgan ayollar” dasturi doirasida fasilitatorlar uchun tashkil etilgan onlayn trening jinsiy sherik tomonidan sodir etiladigan zo‘ravonlik xavfini erta aniqlash, unga professional va tizimli yondashuvni shakllantirish hamda ayollar bilan ishlovchi mutaxassislarning bilim va amaliy salohiyatini yanada oshirishga qaratildi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya tizimi xodimlari uchun zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar bilan ishlashning maxsus usullari bo‘yicha ishlab chiqilgan o‘quv dasturi asosida respublikadagi TOT trenerlar tomonidan 14 ta hududda keng qamrovli treninglar o‘tkazilmoqda. Mazkur treninglarda bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho‘ba mutaxassislari, “Inson” markazlari psixologlari hamda kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari mutaxassislari ishtirok etmoqda.