Nyu York shahrida faoliyat yurituvchi CIDNY tashkiloti nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks va samarali xizmatlar tizimini yo‘lga qo‘ygan. Tashkilotning asosiy maqsadi — nogironligi bo‘lgan insonlarning muassasalarga bog‘lanib qolmasdan, o‘z uyida, oilasi va jamiyat bag‘rida mustaqil hayot kechirishini ta’minlashdir.
Asosiy xizmatlar:
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish: CIDNY nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishga tayyor ish beruvchilar bilan tizimli hamkorlik olib boradi, shuningdek, inklyuziv bandlik tamoyillarini joriy etish va xodimlar bilan to‘g‘ri ishlash bo‘yicha ish beruvchilar uchun tushuntirish va o‘quv ishlari amalga oshiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joyiga to‘liq integratsiya jarayoni nazorat qilinadi.
CIDNY tomonidan amalga oshirilayotgan uy-joy dasturlari Fair Market Rent tamoyili asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda ijara to‘lovlari daromad darajasidan kelib chiqib subsidiyalanadi. Dastur doirasida ishtirokchilar tomonidan ijara haqining bir qismi mustaqil ravishda to‘lanadi, qolgan qismi esa subsidiya mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Ko‘rishida ehtiyoji bo‘lgan shaxslar uchun orientatsiya va harakatlanishni o‘rgatish, yordamchi texnologiyalardan foydalanish, uy sharoitini moslashtirish, kundalik hayot ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda imtiyozlarni rasmiylashtirishda qo‘llab-quvvatlash xizmatlari mavjud.
Mental salomatlik yo‘nalishida esa barcha toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bepul guruhli qo‘llab-quvvatlovchi mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
CIDNY tajribasi nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat hayotiga to‘liq integratsiya qilish, ularning mustaqilligini ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar samaradorligini oshirishda muhim xalqaro amaliyot sifatida e’tirof etiladi.





