
Xabaringiz bor, 15–20-iyun kunlari “VoiceUp” nomli inklyuziv oromgohi tashkil etilgan edi. Oromgohda 16–25 yoshgacha bo‘lgan faol talabalar, nogironligi bo‘lgan yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi yoshlar hamda Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi volontyorlari ishtirok etdilar.
Oromgoh davomida yoshlar ijtimoiy muammolarni hal etishda o‘z g‘oyalari va tashabbuslarini ilgari surishdi. Jumladan, Markaz volontyorlari “So‘zsiz ovoz” loyihasi doirasida tazyiq (bulling) holatlari haqida xabar berish imkonini beruvchi maxsus bot uchun texnik topshiriq ishlab chiqdilar.
Mazkur bot maktab o‘quvchilariga tazyiq holatida yordam ko‘rsatish maqsadida yaratilgan bo‘lib, u orqali quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi:
Muammoni anonim tarzda xabar qilish;
Tazyiq holatida qanday yo‘l tutish kerakligini bilib olish;
Psixologik yordam olish;
Mutaxassislar va xizmatlar bilan bog‘lanish.
Hozirda loyiha Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Axborot texnologiyalari markazi bilan hamkorlikda takomillashtirilmoqda.