Ijtimoiy ish sohasida ilmiy maktab rivojiga bag‘ishlangan konferensiya

O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Ijtimoiy ish kafedrasi tashabbusi bilan “G‘aniyeva Ma’rifat Habibovnaning ilmiy maktabini rivojlantirish konsepsiyasi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Anjuman davomida ijtimoiy ish ta’limi va amaliyoti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan masalalar professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi mutaxassislar va talabalar tomonidan muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda ijtimoiy ish ta’limi va amaliyotining shakllanishida muhim o‘rin tutgan Ma’rifat G‘aniyeva xotirlandi.

Ma’rifat Habibovna G‘aniyeva mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida “Ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishini shakllantirish va rivojlantirishda muhim o‘rin tutgan sotsiolog olima bo‘lib, u mazkur yo‘nalishning nazariy va amaliy rivojiga, shuningdek, ijtimoiy ishning jamiyat hayotidagi ahamiyatini yuksaltirishga katta hissa qo‘shgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi, Respublika ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi hamda bir qator ijtimoiy yo‘nalishdagi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Markaz direktori o‘rinbosari Yulduzxon Umarbekova “Ijtimoiy ish sohasining istiqbollari: ta’lim va amaliyot hamohangligi” mavzusida ma’ruza qilib, ijtimoiy ishning akademik ta’limini xalqaro standartlarga mos tarzda rivojlantirish hamda kadrlar tayyorlashda kompetentlikka yo‘naltirilgan yondashuvni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

wpChatIcon
wpChatIcon