Andijon davlat universitetida talabalar uchun muhim xalqaro uchrashuv tashkil etildi

Andijon davlat universitetida talabalar uchun muhim xalqaro uchrashuv tashkil etildi
84

Andijon davlat universitetida Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda Kolumbiya universiteti Ijtimoiy ish maktabi professori, PhD, MSSW Richard Hara hamda Kolumbiya universiteti Ijtimoiy ish maktabidagi maxsus bo‘lim direktori Lyudmila Kim ishtirokida talabalar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv, avvalo, “Ijtimoiy ish” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun katta imkoniyat yaratdi. Ular xalqaro tajribaga ega mutaxassis bilan bevosita muloqot qilish, global yondashuvlar va zamonaviy metodlar haqida birinchi manbadan eshitish imkoniga ega bo‘ldilar.

Uchrashuv davomida ta’lim jarayonlarini yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda kelajak ijtimoiy ish mutaxassislarini tayyorlashda innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Talabalar tomonidan berilgan savollar uchrashuvning eng faol va mazmunli qismiga aylandi. Dr.Hara har bir savolga batafsil va amaliy misollar asosida javob berib, talabalarning kasbiy fikrlash doirasini kengaytirishga hissa qo‘shdi.