20-noyabr – Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilingan kun

Davlatlarning bolalarni har tomonlama himoya qilish va ularning farovonligini ta’minlashga qaratilgan tizimlarni mustahkamlash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini eslatadi.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya (1989-yil) bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha yagona global standartni shakllantirdi. Unga ko‘ra, har bir bola xavfsizlik, rivojlanish, ishtirok etish va qo‘llab-quvvatlanishga bo‘lgan huquqiga ega.

Hujjat davlat xizmatlari va mutaxassislarning bola manfaatlari yo‘lida harakat qilish, zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslikning har qanday shakllariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiyatlarini belgilaydi.

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish nuqtayi nazaridan Konvensiyaning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:

  • Bolaning eng yaxshi manfaatlari tamoyili — barcha qarorlar va aralashuvlarning majburiy asosi hisoblanadi.
  • Himoyalanish huquqi — bolaning shafqatsiz muomala, jinsiy zo‘ravonlik, ekspluatatsiya, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik va ruhiy zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqi.
  • Ishtirok etish huquqi — bolaning yoshi va rivojlanish darajasiga muvofiq uning fikrini inobatga olish.
  • Bola va oilaning ajralmasligi tamoyili — xavflarni oldini olishning asosiy mexanizmi sifatida oilani qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
  • Kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik — barcha bolalar, jumladan nogironligi bo‘lgan va qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalar uchun xizmatlardan teng foydalanishni ta’minlash majburiyati.
  • Kompleks yondashuv — ijtimoiy himoya, ta’lim, sog‘liqni saqlash va huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlikni ta’minlash.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ijtimoiy himoya tizimi uchun asosiy me’yoriy baza hisoblanadi. U idoralararo hamkorlikni, zamonaviy ijtimoiy xizmatlar va keys-menejmentni rivojlantirishni, shuningdek xavf-xatarlar va himoya darajalarini baholash bo‘yicha yagona yondashuvlarni belgilab beradi.

wpChatIcon
wpChatIcon