Xabaringiz bor, joriy yilning 13–14-oktabr kunlari Ruminiyaning Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha mintaqaviy vazirlar konferensiyasi davomida Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarining ushbu yo‘nalishdagi holati va natijalari muhokama qilingan. Tadbirda taqdim etilgan UNICEF’ning TransMonEE Analytical Series hisobotiga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hali ham keng tarqalgan ijtimoiy tahdid sifatida saqlanib qolgan.
Raqamlarga ko‘ra, har uchinchi bola uy sharoitida jismoniy zo‘ravonlikka duch kelgan. Bolalarning 69 foizi esa yaqin qarindoshlari tomonidan ruhiy tazyiqqa uchragan — bu holat ko‘pincha “tarbiya usuli” sifatida oqlangan. So‘nggi bir yil ichida 12 mamlakatda bolalarning 20 foizi internet orqali jinsiy ekspluatatsiya yoki tazyiqqa duch kelgan. Virtual platformalarda faol bo‘lgan bolalarning har to‘rtinchisi internetdan foydalanishning ilk soatidayoq jinsiy bosimga uchragan. 2023-yilda AQShda 36 milliondan ortiq onlayn ekspluatatsiya holatlari qayd etilgan. Zo‘ravonlik oqibatlarining iqtisodiy zarari jahon YAIMining 8 foizigacha yetishi mumkinligi ta’kidlangan.
Hisobotda qayd etilishicha, bolalar zo‘ravonlik muhitida voyaga yetar ekan, bu holat ular uchun “normal” hayot tajribasiga aylanadi. Har to‘rtinchi o‘smir qiz (15–19 yosh) turmush o‘rtog‘i tomonidan zo‘ravonlikka uchragan onasi bilan yashagan. Bunday tajribalar avloddan avlodga o‘tuvchi psixologik jarohatlar zanjirini shakllantirgan hamda ijtimoiy barqarorlikka bevosita tahdid solgan.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash — bu inson huquqlari masalasi emas, balki ijtimoiy taraqqiyot mezoni sifatida talqin etilgan. Har bir bola uchun xavfsiz muhit yaratish siyosiy yoki tashkilotlararo murosa emas, balki kasbiy, ijtimoiy va insoniy majburiyat ekanligi ta’kidlab o‘tilgan.