Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida dual ta’limni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida dual ta’limni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 7-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ekspertlik tahlili natijalari hamda ijtimoiy himoya sohasida kadrlar tayyorlashning dual modelini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida GIZ eksperti Tomas Lyuks O‘zbekistonda ijtimoiy xodimlar va ularning yordamchilarini tayyorlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari hamda tegishli tavsiyalarni taqdim etdi.

Muloqotda oliy ta’lim muassasalaridagi nazariy bilimlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va boshqa soha tashkilotlari negizidagi amaliy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashtirishni nazarda tutuvchi “Ijtimoiy ish” yo‘nalishi bo‘yicha dual ta’lim dasturini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar taklif etilayotgan modelni amalga oshirishning institutsional mexanizmlarini, amaliy tayyorgarlik sifatini ta’minlashni hamda zamonaviy xalqaro yondashuvlar asosida kadrlar tayyorlash tizimini takmillashtirish bo‘yicha galdagi muhim qadamlarni kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida GIZning PROSPI va TexVET II loyihalari doirasida ijtimoiy himoya sohasida dual ta’limni rivojlantirish, shu jumladan, pilot (tajriba) tashabbuslarini hayotga tatbiq etishning tashkiliy mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishlarni izchil davom ettirishga kelishildi.