“Ijtimoiy ish” ta'limi xalqaro standartlar asosida takomillashtirilmoqda

“Ijtimoiy ish” ta'limi xalqaro standartlar asosida takomillashtirilmoqda

Xabaringiz bor, Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi boshchiligida mamlakatimizda “Ijtimoiy ish” ta'lim yo‘nalishini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish maqsadida oliy ta'lim muassasalarining ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi professor-o‘qituvchilaridan iborat Ishchi guruh tashkil etilgan edi.

Mazkur Ishchi guruh tomonidan Markaz, Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi va O’zbekiston Milliy universitetining Ijtimoiy ish kafedrasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Ijtimoiy ish” yo‘nalishi bo‘yicha malaka talablari hamda bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun o’quv reja loyihalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, shuningdek, respublikaning ijtimoiy ish yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan 16 ta oliy ta'lim muassasasining professor-o‘qituvchilaridan iborat Ishchi guruh a'zolari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida ishlab chiqilgan malaka talablari va o’quv reja loyihalari har tomonlama tahlil qilinib, Ishchi guruh a'zolari tomonidan ularning mazmunini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va mulohazalar bildirildi.