“Finovo” mobil ilovasi taqdimoti o‘tkazildi

“Finovo” mobil ilovasi taqdimoti o‘tkazildi

Bugun Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot soati davomida Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi qoshidagi “Kambag‘allik siklini to‘xtatamiz” (SCP) volontyorlik guruhi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining Axborot texnologiyalari markazi hamkorligida ishlab chiqilgan “Finovo” mobil ilovasi taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimot jarayonida volontyorlik guruhining faoliyati, amalga oshirilgan tashabbuslar, erishilgan natijalar hamda ilovaning maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, “Finovo” ilovasi bolalar va yoshlar o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirish, mablag‘larni to‘g‘ri boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda moliyaviy mas’uliyat madaniyatini rivojlantirish maqsadida yaratilgan. Shu bilan birga, ilovadan turli yosh toifasidagi shaxslar foydalanish imkoniyatiga ega.

Mazkur ochiq muloqotning o‘ziga xos jihati shundaki, unda ilk bor yosh volontyorlar o‘z tashabbus va ishlanmalari bilan ishtirok etdilar. Bu esa, uchrashuvni qizg‘in muhokamalar, konstruktiv takliflar hamda savol-javoblarga boy tarzda o‘tishini ta'minladi.

Taqdimot yakunida Agentlik xodimlari tomonidan ilovani yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Xususan, ilova nomini “Finovo UZ” shaklida qayta ko‘rib chiqish, guruh faoliyatini hududlarda ham kengaytirish, shuningdek, faqat moliyaviy savodxonlik bo‘yicha dars va treninglar bilan cheklanib qolmasdan, yoshlar o‘rtasida moliyaviy mas'uliyatni targ‘ib etishga qaratilgan ijtimoiy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil etish yuzasidan ham fikrlar bildirildi.