BuxDUda xalqaro ekspertlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

BuxDUda xalqaro ekspertlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Buxoro davlat universitetida BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Ijtimoiy ish” yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar hamda bolalarni himoya qilish tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar uchun qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish loyihasi doirasida xalqaro ekspertlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Universitetga Kolumbiya universiteti Ijtimoiy ish maktabi professori, xalqaro ekspert Richard T. Xara, Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi dastur direktori, litsenziyalangan klinik ijtimoiy xodim Lyudmila Kim hamda markaz direktor o‘rinbosari Yulduzxan Umarbekova tashrif buyurdi.

Mehmonlar BuxDU rektori Obidjon Hamidov bilan uchrashib, universitetda “Ijtimoiy ish” yo‘nalishida olib borilayotgan ta’lim jarayonlari, xalqaro hamkorlik istiqbollari hamda soha mutaxassislarini tayyorlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, 2026-yil 30-aprel -1-may kunlari universitetda “Ijtimoiy ishda superviziya va kasbiy rivojlanish” (Social Work Supervision and Professional Development) mavzusida seminar-trening tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda “Ijtimoiy ish” yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etadi.

Mazkur seminar-trening davomida ijtimoiy ish sohasida superviziya tizimini rivojlantirish, xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim mavzular muhokama qilinadi.