Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazida Markaz qoshida faoliyat yurituvchi “Kambag‘allik siklini to‘xtatamiz” (SCP) nomli volontyorlik guruhining I bosqich yakuniy hisobot taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot davomida volontyorlar ikki oy davom etgan I bosqich faoliyati doirasida Yangihayot tumanida amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalar haqida ma’lumot taqdim etdilar. Xususan, ular kam ta’minlangan oilalar farzandlariga ingliz tili, matematika va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha bilimlar bergan, shuningdek, interaktiv o‘yinlar orqali tengdoshlarini bilimga jalb etishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirganlar. Har bir volontyor o‘z yo‘nalishi bo‘yicha bajarilgan vazifalar, duch kelgan qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining o‘rinbosari U. Sharifxodjayev ishtirok etib, volontyorlarning faoliyati yuzasidan o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi. Shuningdek, tashabbusning amaliy ahamiyati e’tirof etilib, guruhning kelgusidagi rejalarini qo‘llab-quvvatlash ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida volontyorlik guruhi a’zolari loyihaning keyingi bosqichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yo‘nalishlar, jumladan, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan innovatsion g‘oyalar va hamkorlik tashabbuslari haqida ma’lumot berdilar.



