“Xatar guruhidagi bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish” bo‘yicha trening muvaffaqiyatli yakunlandi

Xatar guruhidagi bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish” mavzusidagi trening muvaffaqiyatli yakunlandi. Ushbu trening Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi tomonidan Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va UNICEF bilan hamkorlikda, shuningdek Mojaro hududlaridan qaytgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun Yevropa Ittifoqi — BMT ko‘magi (II bosqich) dasturi doirasida tashkil etildi.

8–12 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan treningning asosiy maqsadi — respublikaning turli hududlaridan tanlab olingan trenerlarning malakasini oshirish, ularni o‘z hududlarida xatar guruhiga kiruvchi bolalar va ularning oilalari bilan ishlovchi mutaxassislarga bilim va tajribalarini yetkazishga tayyorlashdan iborat edi.

Trening davomida ishtirokchilar kichik guruhlarda ishlashdi, pedagogik yondashuv va o‘qitish metodlarini sinovdan o‘tkazishdi. Har bir guruh o‘zining kichik trening sessiyasini tayyorlab, amaliy mashg‘ulot tarzida taqdim etdi.

5 kun davomida qatnashchilar xorijiy tajriba bilan tanishib, amaliy topshiriqlar orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdi. Natijada yangi trenerlar guruhi shakllandi va ular yaqin vaqt ichida o‘z hududlarida mutaxassislar uchun o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishni boshlaydilar.

Ushbu tashabbus xatar guruhidagi bolalar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, mutaxassislarning salohiyatini oshirish hamda mahalliy darajada barqaror o‘zgarishlar qilishga xizmat qiladi.

wpChatIcon
wpChatIcon