Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi hamda AQShning Kolumbiya universiteti Ijtimoiy ish maktabi bilan hamkorlikda 2025-yilning mart–iyun oylarida O‘zbekistonning 6 ta viloyatlari va Toshkent shahridagi 9 ta oliy ta’lim muassasasida ijtimoiy ish sohasi bo‘yicha ehtiyojlarni baholash tadqiqoti o‘tkazildi.
Tadqiqot davomida:
Xalqaro standartlarga asoslangan zamonaviy tadqiqot instrumenti ishlab chiqildi;
Respublikaning 9 ta yetakchi OTMida 15 ta fokus guruh uchrashuvlari tashkil etildi;
180 dan ortiq professor-o‘qituvchilar va talabalar fokus guruhlarda ishtirok etdilar;
Malaka talablari va o‘quv dasturlari o‘rganildi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, oʻquv rejalar ishlab chiqilgani, amaliyot bazasi kengaygani va mutaxassislarning jalb etilgani qayd etildi. Shuningdek, oʻquv dasturlari xalqaro standartlar bilan yetarli uygʻunlashmagani, soha bo’yicha oʻqituvchilar yetishmasligi, amaliy tayyorgarlik zaifligi va zamonaviy adabiyotlardan foydalanish imkoniyati cheklangani aniqlandi.
Tadqiqot yakunlari asosida o‘tkazilgan ijtimoiy ish ta’limi bo‘yicha oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ijtimoiy ish yo’nalishida ta’lim beruvchi OTMlar bilan hamkorlikda bajariladigan vazifalar belgilandi.
