Klinik ijtimoiy ish – bu inqirozli va jarohatli vaziyatlarda, ruhiy-ijtimoiy qiyinchiliklarda, xulq-atvor va rivojlanish buzilishlarida, shuningdek, zo‘ravonlik, e’tiborsizlik, jarohat, yo‘qotish va boshqa xavf omillari sharoitida odamlarga yordam berishga qaratilgan ijtimoiy ishning ixtisoslashgan sohasi.
O‘zbekiston sharoitida klinik ijtimoiy ish xavf guruhidagi oilalarning bolalari va o‘smirlari, vaqtinchalik yashash markazlaridagi bolalar, qaytarilgan oilalar, zo‘ravonlik, qarmlik, nogironlik, stigma va kamsitish holatlari va boshqalar bilan ishlashda talab etiladi (deyarli barcha sohalarda).
Klinik superviziya — bu ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va mijozlarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiluvchi xalqaro tan olingan mexanizm bo’lib, ijtimoiy xodimlarning amaliy faoliyatida uchraydigan qiyin vaziyatlarni tajribali mutaxassis (supervayzer) bilan muhokama qilib, professional ko‘nikmalarni rivojlantirish, xizmat sifati va samaradorligini oshirish jarayonidir.
Klinik superviziya o’tkazishdan asosiy maqsad — ijtimoiy xodimlarni qo’llab-quvvatlash, og‘ir keyslar bo’yicha to’g’ri yo’naltirish, kasbiy kuyishni oldini olish hamda ijtimoiy xizmatlarning sifatini oshirishdan iborat hisoblanadi.
Xalqaro tajribada klinik superviziya:
AQSh va Yevropada: klinik superviziya ijtimoiy ishda majburiy professional standart hisoblanadi.
BMT va UNICEF loyihalarida: bolalar va oilalar bilan ishlaydigan ijtimoiy xodimlar uchun klinik superviziya asosiy qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida qaraladi.
NASW (National Association of Social Workers, AQSh) klinik superviziyani “ijtimoiy ishda kasbiy amaliyotni nazorat qilish, baholash va qo‘llab-quvvatlashning ajralmas qismi” deb ta’riflaydi.
IFSW (International Federation of Social Workers) esa superviziyani “ijtimoiy ish amaliyoti sifatini oshirish va mutaxassisni doimiy rivojlantirish vositasi” sifatida belgilaydi.
